• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

SHANXAY UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK ISTIQBOLLARI

15.09.2018, 16:10 Yangiliklar 3113

2018-yilning 10-sentabr kuni Toshkent davlat Sharqshunoslik institutiga Shanxay Universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Xiaotian Zhang boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya Shanxay universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi xodimlari, Shanxay universiteti Iqtisodiyot instituti professorlari He Shuquan, Lu Suyingdan iborat bo‘lib, tashrifdan ko‘zlagan asosiy maqsad Shanxay universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan iboratdir. Professor Abdurahim Mannonov mehmonlarga tashrif uchun chuqur minnatdorchilik bildirib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasining eng ko‘zga ko‘ringan, nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash institutni rivojlantirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Rektor A.Mannonov delegatsiya a’zolariga institut tarixi, bugungi kundagi faoliyati, ilmiy yutuqlari, o‘quv jarayoni haqida ma’lumotlar berdi. “Xitoy tili bizning institutimizda 1945-yildan beri o‘qitiladi. Uzoq yillardan beri bizning instituti nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xitoy tili mutaxassislarini yetkazib berishda yetakchilik qilib kelmoqda. 2013-yilda institutimizda Xitoyshunoslik fakulteti ochilgan bo‘lib, mana bir necha yillardan beri ikki mamlakat uchun ahamiyatli sanaluvchi xitoyshunos mutaxassislarni yetkazish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bugungi kunda fakultetda 400 nafardan ortiq talaba xitoy tili, adabiyoti, tarixi, iqtisodiyoti, siyosati va madaniyatini o‘rganmoqda. Shuningdek, institutimiz qoshida Konfutsiy instituti ham faoliyat olib boradi. Konfutsiy institutlari reytingida yuqori o‘rinda turuvchi ushbu muassasada bugungi kunda 600 nafardan ortiq yoshlar xitoy tilini qunt bilan o‘rganishmoqda. Institutimiz Xitoyning bir qator universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Har yili 40 dan ortiq o‘qituvchi, talaba va magistrantlar qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslariga jo‘natilmoqda. Biz ushbu raqamlarni yanada oshirish, hamkorlikni rivojlantirish, almashinuv dasturlari, qo‘shma fan dasturlari yaratish, “double degree” tizimini joriy etishga tayyormiz”, – deya ta’kidlab o‘tdi institutimiz rektori.

Shanxay universitetidan tashrif buyurgan delegatsiya rahbari Xiaotian Zhang institutimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirgan holda berilgan takliflar amaliy ahamiyat kasb etishi, nafaqat universitetlar, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini ham yanada rivojlantirishga turtki bo‘lishini aytib o‘tdi. Janob Zhang Shanxay universitetining faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, institut qoshidagi institutlar, talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, Osiyoda yetakchilardan sanaluvchi ushbu universitetda bugungi kunda 40 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 5 ming nafarga yaqinini xorijlik talabalar tashkil etadi. Universitetda 600 dan ortiq professorlar, 1000 dan ortiq fan nomzodlari dars berishadi.

Uchrashuv natijasida Shanxay universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va “double degree” tizimi asosida xitoyshunos magistrlar tayyorlashga kelishib olindi. Bu sohadagi muzokarelar davom etmoqda.

photo_2018-09-15_15-49-18 photo_2018-09-15_15-49-16 photo_2018-09-15_15-49-14 photo_2018-09-15_15-49-12

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: