Navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyeva xotirasiga bag‘ishlab “Ilmning ibratli yo‘li” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
2019-yilning 19-fevral kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida taniqli sharqshunos, O‘zbekiston Qahramoni, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, navoiyshunos olima, professor Suyuma G‘aniyeva xotirasiga bag‘ishlab “Ilmning ibratli yo‘li” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni institut rektori, professor A.Mannonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng akademik To‘ra Mirzayev “Navoiy izini ko‘zga surgan olima”, akademik Naim Karimov “O‘zbek navoiyshunosligining zabardast vakili”, TDSHI professori Q.Sodiqov “Suyuma G‘aniyevaning Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Mumtoz filologiya kafedrasida olib borgan faoliyati haqida”, TDSHI professori B.To‘xliyev “Alisher Navoiy merosining bilimdoni”, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi E.Ochilov “Suyuma G‘aniyeva Alisher Navoiy asarlari tadqiqotchisi”, TDSHI katta o‘qituvchisi, Suyuma G‘aniyevaning qizi Gulora Usmonova “Onam haqida” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Suyima G‘aniyev 1932 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1952 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti, hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Sharq filologiyasi fakultetida tahsil oldi. 1953-1956 yillarda Leningrad davlat universiteti aspiranturasida ta’lim oldi.
Bo‘lg‘usi olima o‘z mehnat faoliyatini 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik ilmiy xodimligidan boshladi. Shu yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, Toshkent davlat konservatoriyasida kafedra mudiri lavozimida ishlab keldi. Suyima G‘aniyev 1993 yildan boshlab umrining so‘nggi yillariga qadar Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
U o‘zining 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib bordi. Mustaqillik yillarida adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, milliy adabiyotimizning jahon madaniy sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi.
Olima adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjimachilik sohasida yaratgan 20 ta kitob va risolalar, 900 dan ortiq maqola va taqrizlar muallifi hisoblanadi.
Suyima G‘aniyev Alisher Navoiy asarlarini nashrga tayyorlagan manbashunos olima ham edi. U «Majolis un-nafois»ning ilmiy-tanqidiy matnini, «Navoiy dastxati» kitobini o‘quvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami – 20 jildligida «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javohir» kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlangan.
Navoiyning nasriy merosini o‘rganish – Suyima G‘aniyev ilmiy faoliyatining eng salmoqli qismini tashkil etgan. Olima 1992 yilda Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1999 yilda esa «El-yurt hurmati», 2008 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Unga 2015 yilda O‘zbekiston qahramoni unvoni va Oliy nishon – Oltin yulduz medali topshirilgan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar buyuk navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyevaning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va ijodi, mamlakatimiz va jahonda navoiyshunoslik ilmining rivojiga qo‘shgan beqiyos xissasi haqida so‘z yuritdilar. Tadbir yakunida TDSHI talabalari tomonidan olima Suyuma G‘aniyeva ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: