• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi

 32 Mirzakhmedova Khulkar Vasilovna
Ilmiy darajasi va unvoni: PhD (philology)
lavozimi: Kafedra mudiri
Qabul vaqtlari: Har kuni (14:00-16:00)
Tel.: +99899 832 10 61
E-mail:   xulkar1061@mail.ru

Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasining qisqacha tarixi

Yurtimizda eroniy tillar (fors, dariy, pashtu, tojik tillari)ni o‘qish-o‘rganish va bu tillarda yaratilgan adabiy va tarixiy manbalarni tadqiq etish ko‘p asrlik tarixga ega. Zamonaviy eronshunoslik tarixi 1918- yildan boshlanadi. Bu davrda bir guruh O‘zbekiston ziyolilari tomonidan “Milliy dorulfunun” ta’sis etilgan bo‘lib, bu oliy ta’lim muassasasida qadimiy an’analarimizni tiklab farzandlarga arab, fors va turkiy tillarni o‘rgatish maqsad qilib qo‘yilgan edi.

Lekin 1944- yilgacha biron arzigulik ilmiy ish qilingani yoki o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratilgani yoki ko‘zga ko‘ringudek sharqshunos-eronshunos yetishib chiqqani ma’lum emas. Eron filologiyasi kafedrasining keng ko‘lamli ilmiy va o‘quv-amaliy faoliyati 1944- yildan boshlandi.

1944- yilning avgustida O‘rta Osiyo universiteti tarkibida Sharq fakulteti qaytadan tiklandi. Bu fakultetda Moskva va Leningraddan urush tufayli Toshkentga ko‘chirilgan bir guruh sharqshunos olimlar, jumladan, A.P. Barannikov, A.K. Borovkov, Ye.E. Bertels, I.P. Petrushevskiy, K.A. Antonova, N.D. Mikluxo-Maklay va boshqalar ish boshladilar. 1944- yilda fakutet dekani etib A.X. Hamroyev tayinlandi. Bu fakultetda birinchi bo‘lib Ye.E. Bertels boshchiligida Eron filologiyasi kafedrasi tashkil qilingan edi. 1947- yilda fakultetda 4 ta kafedra bo‘lib, Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasining mudiri (1955-yildan) A.K. Arends edi. Kafedrada A.G. Gasanbekov, N.F. Leviskiy, S. Mirzayev, B.Z. Xolidov, R.U. Umarov, shuningdek, fors tili namoyandalari eronlik A. Tabotaboiy (Ustuvor), Hamidiy Iftixor, Xal’atbariy, Rustamiy, K.A. Shidfarlar dars berardilar.

Bu davrda Eron-afg‘on filologiyasining birinchi bitiruvchilaridan akademiklar R.X. Aminova, M.B. Baratov, U. Karimov, A.P. Qayumov, A. Rustamov, professorlar Sh.I. Shomuhamedov, A.G‘. G‘aniyev, A.M. Mannonov, M.S. Imomnazarov, A. Quronbekov, S. G‘aniyeva, dotsentlar N.A. Muhamedova, Z.A. Umarov o‘z hayotlarini sharqshunoslikka bag‘ishlab, O‘zbekistonda taniqli olimlar bo‘lib yetishdilar.

1960- yildan 1979- yilgacha Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasiga Sh.M. Shomuhamedov, A.G‘. G‘aniyevlar rahbarlik qildilar.

1979-yilda afg‘onshunoslarga bo‘lgan talabning oshib ketganligi sababli Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi ikkita alohida Eron filologiyasi va Afg‘on filologiyasi kafedralariga bo‘lindi. Bu yillarda Eron filologiyasi kafedrasiga Z.A. Umarov, A.E. Hazratqulov, A.Q. Ismoilovlar, Afg‘on filologiyasi kafedrasiga  esa A.M. Mannonov boshchilik qildilar. 1991- yili bu ikki kafedra qaytadan birlashtirilib, Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi tashkil etildi va kafedraga A. Quronbekov mudir etib tayinlandi. 2012- yildan 2018- yilga qadar Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi dotsenti, DcS X.Z. Alimova kafedraga rahbarlik qildi. 2018- yildan hozirgi kunga qadar Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi dotsenti, PhD H.V. Mizaxmedova kafedraning faoliyatini boshqarib kelmoqda.

O‘quv-uslubiy ishlar. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Davlat qarori bilan 1991- yil 15- iyulda tashkil etilganidan keyin Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi oldiga bir qator muhim vazifalar qo‘yildi.

Eng muhimi, mustaqil Respublikamizning jahon standartlariga mos, Respublikamizning xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy-iqtisodiy, madaniy aloqalarining talab-ehtiyojlariga javob beradigan, qadimgi ma’naviy va madaniy merosimizni, buyuk allomalar qoldirgan turkiy, arab, fors va boshqa tillardagi qimmatli manbalarni o‘rganishga qodir bo‘lgan yuksak malakali kadrlarni tarbiyalash vazifalaridan kelib chiqib, o‘quv standartlari, o‘quv rejalari, namunaviy dasturlar qayta ko‘rib chiqildi va o‘quv rejasiga kirgan fanlar bo‘yicha mukammal dasturlar yaratildi.

Galdagi vazifa yangi dasturlar bo‘yicha bakalavr va magistratura bosqichida tegishli fanlar bo‘yicha mustaqillik g‘oyasiga yo‘g‘rilgan o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yaratish, talabalarni qo‘shimcha adabiyotlar va manbalar bilan ta’minlash edi.

Hozirgi kunda kafedrada filologiya fanlari doktori, professor A. Quronbekov, filologiya fanlari doktori, professor A.M. Mannonov, filologiya fanlari doktori, professor R. Inomxojayev, filologiya fanlari doktori, dotsent X.Z. Alimova, filologiya fanlari doktori, dotsen D.R. Ahmedova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent A.A. Vohidov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent D.A. Azimdjanova, PhD, dotsent H.V. Mirzaxmedova, katta o‘qituvchilar S.M. Umarova,  M.R. Xabibova, S.I. Shomurodova, o‘qituvchilardan F.E. Saidazizova, N.T. Xodiyeva, N.N. Nuriddinov, A.I. Nishanbayeva, S.U. Sultanxodjayeva,  M.S. Kalandarov,  O.A. Mamatqulov, B.F. Djafarov, H.I. Inomiddinov, G.A. Kurbanova, M.A. Valiyeva, J.I. Ismatov, N.G‘. Ibragimova hamda eronlik M. Asloniy faoliyat yuritishmoqda.

Kafedrada bu davrda asosiy e’tibor nafaqat fors, dariy va pashtu tillarini puxta egallagan, chet tilidan ona tiliga va ona tilidan chet tiliga tarjima qila oladigan, o‘z fikrini o‘rganayotgan tilida bemalol bayon qila oladigan va boshqa amaliy ishlarga mo‘ljallangan mutaxassislarni, balki teran nazariy bilimga ega bo‘lgan, eroniy tillar bo‘yicha o‘tmish allomalarimiz yaratgan boy adabiy, tarixiy, tilshunoslik, epik va boshqa manbalar bo‘yicha tadqiqotlarga qodir bo‘lgan hamda hozirgi zamon tilshunosligi va adabiyotshunosligi bo‘yicha ko‘ndalang turgan muammolarni hal qilishga mo‘ljallangan milliy kadrlarni tayyorlashga qaratildi.

Shu maqsadda til bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirishga qaratilgan maxsus kurslar, jumladan, bakalavr bosqichida nazariy grammatika, leksikologiya, so‘z yasalishi, solishtirma-qiyosiy grammatika, ish yuritish amaliyoti, OAV tili, amaliy fonetika va yozuv tizimi, magistratura bosqichida esa avesto tili, o‘rta fors tili va klassik fors tili, til vaziyati, stilistika, mutaxassislikning nazariy masalalari va boshqa maxsus kurslar kiritildi.

Kafedra o‘tgan yillar davomida bakalavr va magistratura bosqichidagi barcha fanlarni ma’ruzalar matni, ularning elektron variantlari, shuningdek, asosiy fanlardan darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minladi. Jumladan, A. Quronbekov, A.A. Vohidov, T.Z. Ziyayeva hammuallifligida 1- kurs talabalari uchun 2006- yilda va 2- kurs talabalari uchun 2009- yilda “Fors tili” darsliklari nashrdan chiqdi. D.A. Azimdjanovaning “Учебник персидского языка” darsligi esa 2012- yilda, X.M. Maxamadaliev (O‘zDJTU), X.Z. Alimova (TDShI), G. Agzamova (O‘zDJTU)lar hammuallifligidagi “Fors tili” darsligi esa 2013- yilda nashr etildi. 2018- yilda X.Z. Alimova, Yo.S. Xo‘jaqulov va G.A. Kurbanovaning “Dariy tili” hamda A.I. Nishanbayeva, D.S. Karimov va M.S. Kalandarovning “Fors tili” darsliklari, 2019- yilda X.Z. Alimova va Yo.S. Xo‘jaqulov hammuallifligidagi “Dariy tili” darsligi, A.M. Mannonov va S.Yu. Qoraboyevning “Pashtu tili” darsligi, S.M. Umarovaning “Dariy tili” darsligi, A. Quronbekov va S.I. Shomurodova hammuallifligidagi “Fors tili (litsey o‘quvchilari uchun)” darsligi va boshqa darsliklar chop etildi. Darsliklardan tashqari kafedra a’zolari tomonidan bir qator o‘quv qo‘llanmalar, shu jumladan, X.Z. Alimovaning “Dariy va o‘zbek tillarining solishtirma-qiyosiy grammatikasi” (2002) va “Dariy tili (morfologiya)” (2008),  D.A. Azimdjanovaning “Fors va o‘zbek tillarining solishtirma-qiyosiy grammatikasi” (2008), N.T. Xodiyevaning “Fors tilidan mashqlar to‘plami” (2010), H.V. Mirzaxmedovaning “Fors tili (soʻz birikmalari va sodda gap sintaksisi)” (2019), A. Quronbekov va N.N. Nuriddinovning “Fors tili leksikologiyasi” (2019), A.I. Nishanbayevaning “Eron filologiyasiga kirish (fors, dariy, pashtu tillari)” (2019) o‘quv qo‘llanmalari va boshqalar nashr etildi. Kafedra a’zolarining ishlaridan yana Z.F. Normatovning “Inglizcha-pashtucha so‘zlashgich” (2009), A. Quronbekovning “Forscha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-forscha tilshunoslik terminlari lug‘ati» (2015) va shu kabi ishlarni keltirish mumkin.

Kafedrada yangi pedagogic ta’lim texnologiyalarini joriy qilib, ta’lim saviyasini xalqaro me’yorlar darajasiga ko‘tarish yo‘lida ham bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Kafedrada “Ta’lim jarayonida interfaol usullardan foydalanish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi, barcha fanlar bo‘yicha ta’lim texnologiyalari, reyting ishlanmalari, test savollari va baholash mezonlarini ishlab chiqildi.

Undan tashqari, talabalarning mustaqil ta’limini ta’minlash va magistrlik, doktorlik dissertatsiyalari ustida samarali ishlashni ko‘zda tutib, 2000 jildga yaqin kitobni o‘z ichiga olgan noyob lug‘atlar, o‘quv qo‘llanmalar, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan jihozlangan o‘quv-uslubiy darsxona-kutubxona tashkil qilindi.

 Kafedra bakalavriat ta‘lim yo‘nalishi

  • 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (fors, dariy, pashtu tillari)

Kafedra magistratura mutaxassiligi

  • 5А120102 – Lingvistika (fors, dariy, pashtu tillari)

Kafedrada o‘qitiladigan fanlar

Bakalavr yo‘nalishi:

  1. Asosiy sharq tili (fors, dariy, pashtu tillari)
  2. Qo‘shimcha sharq tili (fors, dariy, pashtu tillari)
  3. ASHT amaliy fonetikasi (fors, dariy tillari)
  4. Mutaxassislikka kirish (fors, dariy tillari)
  5. Sinxron tarjima (fors, dariy tillari)
  6. Sharq tillarini o‘qitish metodikasi (fors, pashtu tillari)
  7. Asosiy sharq tili nazariy grammatikasi (fors, dariy tillari)
  8. Asosiy sharq tili filologiyasiga kirish (fors, dariy, pashtu tillari)
  9. Asosiy sharq tili leksikologiyasi (fors, dariy, pashtu tillari)
  10. Asosiy sharq tilida ish yuritish amaliyoti (fors, dariy, pashtu tillari)
  11. Asosiy sharq tili OAV tili (fors, dariy, pashtu tillari)

Magistratura mutaxassisligi:

  1. Mutaxassislikka oid maxsus adabiyot tahlili (fors, dariy, pashtu tillari)
  2. Eroniy tillarda terminologiya masalalari
  3. Mutaxassislikning nazariy masalalari
  4. O‘rganilayotgan mamlakatda til vaziyati va siyosati (Eron, Afg‘oniston)
  5. O‘rganilayotgan til tarixi (klassik fors tili)
  6. Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari
  7. Sinxron tarjima nazariyasi va amaliyoti
  8. O‘rganilayotgan til stilistikasi (fors, dariy tillari)
  9. Ilmiy va adabiy matn tahriri

Kafedra professor-o‘qituvchilari:

  1. Mirzaxmedova Hulkar Vosilovna – filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Phd), dotsent
  2. Quronbekov Ahmadqul – filologiya fanlari doktori, professor
  3. Inomxodjayev Rahmonxo‘ja – filologiya fanlari doktori, professor
  4. Mannonov Abdurahim Mutalovich – filologiya fanlari doktori, professor
  5. Alimova Xolida Zikrillayevna– DSc, dotsent
  6. Ahmedova Dilfuza Rafukjanovna – DSc, dotsent
  7. Vohidov Avazbek Ashiraliyevich – filologiya fanlari nomzodi, dotsent
  8. Azimdjanova Dinara Amirdjanovna – filologiya fanlari nomzodi, dotsent v.b.
  9. Umarova Saodat Mahkamovna – katta o‘qituvchi
  10. Habibova Muhabbat Rahmatullayevna– katta o‘qituvchi
  11. Shomurodova Sevara Ilyasovna – katta o‘qituvchi
  12. Asloniy Muhammad Rizo – katta o‘qituvchi
  13. Saidazizova Feruza Ergashevna – o‘qituvchi
  14. Xodiyeva Nozimoxon Tulkunovna – o‘qituvchi
  15. Nuriddinov Nodir Nurmat o‘g‘li – o‘qituvchi
  16. Nishanbayeva Aziza Ilgisovna – o‘qituvchi
  17. Sultanxodjayeva Saida Ubaydullayevna – o‘qituvchi
  18. Kalandarov Mirzajon Sitmamatovich – o‘qituvchi
  19. Mamatkulov Oybek Axatovich – o‘qituvchi
  20. Djafarov Behzod Farxodovich – stajyor-o‘qituvchi
  21. Inomiddinov Husniddin Ibrohim o‘g‘li – stajyor-o‘qituvchi
  22. Valiyeva Muqaddas Aziz qizi – stajyor-o‘qituvchi
  23. Ismatov Jonibek Ibodovich – stajyor-o‘qituvchi
  24. Ibragimova Nazokat G‘ofurovna– kabinet mudiri

  Kafedraning hamkor tashkilotlari:

  1. ToshDSHI qoshidagi Yunusobod akademik litseyi
  2. O‘zbekistin Respublikasi qurolli kuchlar akademiyasi
  3. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti
  4. Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti
  5. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti

Chet el bilan o‘rnatilgan aloqalar. Kafedra xorijdagi turdosh o‘quv-ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Eron islom respublikasidagi Tehron universiteti, Moskvadagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Kliment Oxridski nomidagi Sofiya universitetining “Sharq tillari va madaniyati” markazi va respublikamizdagi bir qator OTMlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Kafedraning ilmiy yo‘nalishi:

  1. Sharq lug‘atchilik nazariyasi va amaliyoti: tarixiy davrlari, lug‘at tuzish prinsiplari va hozirgi zamon lug‘atlari.
  2. Fors va dariy tillari terminologiya tizimi: tarixiy jarayonlar, hozirgi zamon ilmiy-texnik terminlarning shakllanish va rivojlanish muammolari.
  3. Xorijiy Sharq mamlakatlari tillarini o‘rganish va tilshunoslikning nazariy masalalari.
  4. Eron va Afg‘onistonda hozirgi zamon til vaziyati: adabiy til va laxjalar; til uslublari; globalizm va o‘zaro ta’sir masalalari.
  5. Fors va dariy tillari semantikasi va semasiologiyasi masalalari.

Kafedra a’zolari fundamental tadqiqotlar va amaliy tadqiqot grantlari bo‘yicha ham barakali hissa qo‘shib kelmoqdalar. Jumladan, prof. A.M. Mannonov “Yoshlarda diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish…” nomli grantning loyiha rahbari edi. A. Quronbekov, A. Vohidovlar “Tasavvuf adabiyoti lingvopoetikasi” loyihasida qatnashib, “Tasavvuf adabiyoti lingvopoetikasi” ilmiy maqolalar to‘plami (2010- y.), “Badiiy adabiyot va tasavvuf timsollari” kollektiv monografiyasida (2010- y.) maqolalar bilan qatnashdilar. Kafedrada A. Quronbekov rahbarligida “F-1-135 Alisher Navoiy asarlari konkordansining ilmiy-uslubiy tadqiqi” (2012-2016) hamda “OT-1-36 Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari asosida chastotali lug‘atlar tuzish” (2017-2018) loyihasi asosida ishchi guruh faoliyat olib bordi. 2012- yildan buyon loyihalar doirasida Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari monografik konkordanslari (5 jild) va chastotali lug‘atlari (6 jild) nashr etildi. Shuningdek, “Sharq tillari ikki tillik lug‘atlarining leksikografik tadqiqotlari” loyihasi bo‘yicha bir qator lug‘atlar va maqolalar chop etildi.

Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi tomonidan har yili ilmiy tadbir o‘tkaziladi, shu jumladan, 2006- yilda “Hozirgi zamon eron adabiyoti” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman; 2007- yilda Mavlono Jaloliddin Rumiyning 800 yilligiga bag‘ishlangan “Jaloliddin Rumiyning mangu ma’naviy merosi” ilmiy anjumani; 2009- yilning 25- aprelida  Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasining 90 yilligi munosabati bilan “Eronshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya; 2009- yil 7- noyabrida Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasining professori Abduhafiz G‘anievning 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira anjumani; 2010- yil “Eroniy tillarning leksikologiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman; 2013, 2016, va 2019- yillarda “Markaziy Osiyoda lug‘atchilik: an’analar va hozirgi zamon ilmiy maktablari” mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman; 2018- yilda O‘zbekistonda Eronshunoslik va Afg‘onshunoslikka bag‘ishlanganilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi va har bir anjuman materiallari to‘plam shaklida chop etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, hozir talabalarni har tomonlama yetuk mutaxassis qilib yetishtirish yo‘lida barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Kafedra a’zolarining kelajakdagi rejalari ulkan – barcha bakalavr va magistratura bosqichida o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarning yangi avlodini tayyorlashni nihoyasiga yetkazish va ularning multimedia variantini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.

xoli1

xoli2

xoli4

21.06.2020, 22:22 8337

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: