“Yosh tarjimashunoslar” mavzusidagi talabalar anjumani
Milliy adabiyotning ajralmas qismi sanalgan tarjima asarlari yuz yillar davomida dunyo xalqlarning milliy madaniyati, an’analari, urf-odatlari, dunyoqarashi, hayotni anglash falsafasi, badiiy tafakkuri, qolaversa, yashash tarzi haqida tasavvur hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Globallashuv jarayonlari hayotimizning barcha jabhalarini egallab borayotgan, axborot almashinuvi kengaygan hozirgi davrda milliy adabiyotlarni asrash, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, shuningdek, adabiyot orqali xalqaro aloqalarni kuchaytirishga alohida e’tibor talab etilmoqda. Shu sababli ham bugun tarjimonlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda, ayniqsa, millatning badiiy tafakkuri oynasi bo‘lmish adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilishga qaratilgan ishlarni keng miqyosda amalga oshirish kunning dolzarb masalalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi yillarida badiiy tarjima vositasida dunyo adabiyoti namunalarining madaniy hayotimizga kirib kelishi mazkur sohaning rivojlanish bosqichiga o‘tganligidan dalolat beradi. O‘tgan qisqa tarixiy davr mobaynida o‘zbek adabiyoti namunalari xorijiy tillarga va xorijiy mamlakatlarda yaratilgan durdona asarlar ona tilimizga tarjima qilindi. Shu bilan bir qatorda tarjimashunoslikning ajralmas qismi bo‘lgan tarjima nazariyasi va tanqidi ham zamonaviy mazmun kasb eta boshladi.
ToshDShI rektorining 2019-yil 4-apreldagi № 01-267-son buyrug‘iga asosan, talabalarni yetuk malakali mutaxassis sifatida ijodiy kamol topishlari uchun ilmiy-ijodiy ishlarga yo‘naltirish, ilmiy-ijodiy ishlarni bajarish jarayonida mustaqil fikrlash, yangi fikr va mulohazalarni bildirish hamda o‘z ilmiy izlanishlari bilan kelajakda fan taraqqiyotiga istiqbolli yangiliklar kiritishlarini tadbiq etish maqsadida tarjimashunoslikning dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan “Tarjimashunoslik” kafedrasining “Yosh tarjimashunoslar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman 2019-yil 10-aprel kuni soat 13.30da barcha ma’ruzachilar hamda kafedra professor-o’qituvchilari ishtirokida ochildi. Anjumanda jami 24ta ma’ruza tinglanib, muhokama qilindi (anjuman dasturi ilova qilinadi).
Bundan tashqari, bugungi kunda tarjimon kadrlarni muayyan maqsadga yo‘naltirilgan holda tayyorlash, iqtidorli ijodkor yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlarni yaratishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari o‘z yechimini topdi, desa bo‘ladi. Galdagi vazifa iste’dodli yoshlarni ilm degan sermashaqqat ishga jalb etish, bu masalaning yechimi bilan bog‘liq tashkiliy vazifalarni hal qilish ishini davom ettirishdan iborat.
Kafedra miqyosida “Yosh tarjimashunoslar” anjumani 2014-yildan buyon har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Anjumanda kafedrada tarjima nazariyasi va amaliyoti, tanqidi yo‘nalishlarida izlanishlar olib borayotgan talabalar, magistrantlarning tarjima muammolari, o‘zbek adabiyoti namunalarini sharq xalqlari tillariga va sharq adabiyoti durdonalarini ona tilimizga tarjima qilishning dolzarb masalalari, zamonaviy nasr va she’riy asarlar tarjimasi muammolari, XX asr ikkinchi yarmi tarjimachiligini rivojlantirish tamoyillari keng miqyosda muhokama qilib kelingan ilmiy anjumanlarning mantiqiy davomi mohiyatiga ega bo‘lib, fanning eng dolzarb muammolarini hal etish sohasida erishilgan yutuqlar doirasida talabalarning tajriba va fikr almashuvini ta’minlashga qaratilgan.
Hamidov.X
Tarjimashunoslik kafedrasi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: