• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHIda Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kecha o’tkazildi

30.04.2019, 17:26 Yangiliklar 2608

Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini o‘rganish, adib ijodiy merosidan, xususan, “O‘tkan kunlar” romanidan bahramand bo‘lish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sog‘inchli, ayni damda, o‘tmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga  muvofiq Respublikamizning turli muassasalarida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan anjuman, davra suhbati, adabiy-ma’rifiy kechalar o‘tkazilmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 2019-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbir ham shular jumlasidan.

Tadbirni institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor A.Mannonov ochib berdi va so‘z navbatini kechaga taklif etilgan mehmonlarga berdi. Shulardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzod, dotsent A.Alimbekov “Abdulla Qodiriy sheriyati” mavzusida ma’ruza qildi. Qodiriyning nasriy asarlari barchamizga ma’lum va mashhur. Lekin, Qodiriy nazmda ham qalam tebratgan. “Millatimga bir qaror”, “To‘y”, “Ahvolimiz” va “Fikr aylag‘il” nomli she’rlari o‘z vaqtida “Sadoyi Turkiston” gazetasida e’lon qilingan. A.Alimbekov bu xususda batafsil ma’lumotlarni adabiy-ma’rifiy kecha qatnashchilariga yetkazdi.

Abdulla Qodiriy chin ma’noda serqirra ijodkordir. Xususan, uning o‘zbek publisistikasidagi xizmatlari ham tahsinga sazovar. U o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy, teatr san’ati, maorif, diniy xurofatlarga qaratilgan tanqidiy ocherklar yozgan va ularni “Turkiston”, “Qizil bayroq” va “Ishtirokiyun” kabi gazetalarda e’lon qilgan. Bu xususda batafsil ma’lumotlarni tadbir mehmoni – “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim boshlig‘i B.Haydarov tinglovchilarga yetkazdi.

Qodiriyshunoslik bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik institutida ham albatta, institut tadqiqot yo‘nalishi doirasida ilmiy ishlar olib borilgan. Xususan, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri PhD X.Hamidov o‘zining “Abdulla Qodiriy asarlari turk tilida” nomli risolasini chop ettirdi. Mazkur risolada Abdulla Qodiriyning ikki buyuk asari – “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining turk tiliga qilingan tarjimalari tarjimashunoslik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilgan. Ushbu adabiy-ma’rifiy kechada ushub risola taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Sharq filologiyasi talabalari tomonidan “Mehrobdan chayon” romanidan sahna ko‘rinish va Qodiriyga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi.

Kecha so‘ngida Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy bobosi haqidagi xotiralarini kecha qatnashchilari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu adabiy-ma’rifiy kecha ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

photo_2019-05-03_14-48-34 photo_2019-04-30_17-42-23 photo_2019-04-30_17-42-10 photo_2019-05-03_14-37-05

 

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: