• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHI talabasiga poytaxt hokimining tashakkurnomasi topshirildi

22.12.2018, 14:37 Yangiliklar 2821

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Koreyashunoslik fakulteti “Jahon siyosati” ta’lim yo’nalishi 1-kurs talabasi Alisher Azizov Yanyi yil  bayrami arafasida Toshkent shahar hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi va hokimlikning rasmiy saytida talabamiz haqida maqola chop etildi. Ushbu maqolani sizga to’lig’icha taqdim etamiz:

“Alisher yosh bo‘lishiga qaramay ingliz, rus, arab tillarida erkin so‘zlasha oladi. Ayni kunlarda u koreys tilini ham mukammal o‘rganishga kirishgan.

— Bolaligimdan xorijiy tillarni o‘rganishga harakat qilaman. Hozir 4 ta tilda so‘zlasha olaman. Xorijiy tillarni o‘rganishimda ota-onamning yaratib bergan shart-sharoitlari va ustozlarimning ko‘maklari beqiyos. Institutni tamomlaguncha yana 4 ta tilda erkin so‘zlasha olishni maqsad qilganman – deydi, Alisher.

U 2015 – 2017 yillar davomida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan Rus Xalqaro maktabida tahsil olgan. O‘qish davomida “Islamic Studies” fanidan “Fasting in Ramadan” mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda faol ishtirok etib maxsus sertifikat bilan taqdirlangan. Shuningdek, u Shardja shahrining American University of Sharjah universitetida o‘tkazilgan Model United Nations (BMT modeli)da ham faol ishtirok etgan.

Alisher bir necha yillardan buyon blogerlik faoliyatini ham olib boradi. Bugungi kunda uning Telegram messejerida 10 ga yaqin blog kanallari mavjud. Ularning obunachilari qariyb 40 mingdan ziyodni tashkil etadi.

— Blogerlik faoliyatimni 2017 yildan boshladim. Blog kanallarimni o‘zbek, rus, ingliz tillarida yuritaman. Ularda asosan yoshlar auditoriyasiga mos kontentlar o‘rin olgan. Hozirgi kunda “Океан мыслей” (@ocean_of_thoughts), “Умные мысли”(@umniye_misli), “Нетипичные факты”(@facts_atypical), “Великие мысли”(@velikie_misli) kanallarimni rivojlantirish ishlarini olib boryapman – deydi, A. Azizov.

Qahramonimizning maqsadlari yuksak. U bu yo‘lda astoydil o‘qib-izlanmoqda.

— Mana shunday yurtda o‘sib-ulg‘ayayotganimdan baxtiyorman. Yurtimizda biz yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar uchun avvalo Prezidentimizga katta minnatdorchilik bildiraman. 2018 yil meni hayotimda unumli yil bo‘ldi. Yil boshida blogerlik faoliyatimni yangi bosqichga olib chiqdim. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Yangi yil arafasida esa, Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxo‘jaevning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alariga ega bo‘ldim. Bu rag‘bat kelgusi faoliyatimga katta ruhlantirish beradi. Bildirilgan ishonchga javoban Toshkent shahar hokimligining loyihalarida faol ishtirok etishga va’da beraman. Kirib kelayotgan 2019 yil poytaxtimiz uchun yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin – deydi, suhbatimiz so‘nggida Alisher Azizov”.

Shuningdek, talabamiz haqida oligan video bilan ham tanishishingiz mumkin.

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: