• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Chingiz Aytmatov – jahon adabiyotining buyuk namoyandasi” mavzusidagi davra suhbati

02.05.2018, 21:26 Yangiliklar 3883

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi” deyiladi. Darhaqiqat, Ch.Aytmatov Markaziy Osiyoning tinchligi va barqarorligi, porloq kelajagi, xalqlar o‘rtasida mustahkam do‘stlikning qaror topishi yo‘lida ko‘p qirrali mardona faoliyat olib bordi.

Qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlari orasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi ikki xalq uchun yanada muhim ahamiyat kasb etayotganligiga urg‘u berilgan tarixiy qarorda buyuk adibning “…gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari”ga yuksak baho berilganki, hech bir ijodkor, tadqiqotchi bunga loqayd qaray olmasa kerak.

Bugungi kunda ushbu qaror doirasida mamlakatimiz miqyosida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ilm ahlining qiladigan ishlari ma’lum: adib qalamiga mansub asarlarni puhta o‘rganish, xalqimiz orasida uni targ‘ib qilish ishlarini yanada faollashtirish, asarlarning tarjimalari ustida tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, ularni tahlil qilish va shu asosda o‘rganish.

Ana shu maqsadda 2018 yil 2 may kuni  Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Madaniyat saroyida Prezidentimizning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash  to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Chingiz Aytmatov  – jahon adabiyotining buyuk namoyandasi” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

ToshDShI rektori prof. A.M. Mannonovning kirish so‘zi bilan ochib berilgan davra suhbatida Respublikamizning taniqli adabiyot namoyandalari: O‘zMU qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi markaz rahbari Ahmadjon Meliboyev (“Chingiz Aytmatov ijodiy merosini o‘rganish”) O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov (“Chingiz Aytmatov mahorati”), O‘zbekiston – Qirg‘iziston “Do‘stlik” jamiyati ijrochi direktori Zuhriddin Isomiddinov (“O‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining mustahkamlanishida Chingiz Aytmatov ijodining tutgan o‘rni”), tarjimon To‘lanboy Qurbonov (“Chingiz Aytmatov – diplomat va jamoat arbobi”), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i  Alimbekov Adhambek (“Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston”) ishtirok etdilar.

Shuningdek davra suhbatida ToshDShI professor-o‘qituvchilari: Turkiy tillar kafedrasi dotsenti Jumali Shabanov (“Chingiz Aytmatov bilan eng so‘nggi uchrashuv”) “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi Xayrulla Hamidov   (“Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani Ibrohim G‘afurov talqinida”), 3-kurs talabasi Parizod Ko‘chimovalar (“Chingiz Aytmatovning “Chingizxonning oq buluti” asari tarjimasida muallif uslubining berilishi”) so‘zga chiqib Ch.Aytmatov ijodi, adib asarlarining o‘zbek tiliga qilingan tarjimalari haqida fikr almashdilar.

Davra suhbatida institutning filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari hamda adabiyotshunoslik, tarjima to‘garaklari talabalari ishtirok etdilar.

photo_2018-05-02_18-21-01 photo_2018-05-02_18-21-00

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: