• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” mazmunidagi targ‘ibot tadbiri

22.12.2017, 18:55 Yangiliklar 6651

Joriy yilning 21-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” mazmunidagi targ‘ibot tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, Yoshlar madaniyat va san’at markazi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov, taniqli shoira Go‘zalbegim, kino va teatr aktyori Akmal Nazarov va boshqalardan iborat targ‘ibotchilar guruhlari xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, oddiy insonlar hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida dildan, samimiy suhbatlar qurishdi va ularning chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Targ‘ibot tadbiri maqsadi yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli tahdidlardan ishonchli himoya qilish, navqiron avlodda mustahkam mafkuraviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirishga qaratilgan.

Institutda o‘tkazilgan tadbirda institutda faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilar va shu yerda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning 300 dan ortig‘i ishtirok etdi.

Targ‘ibot tadbirida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tizimli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilishi, barcha viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsatishi “Inson manfaati – har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir.

Bunday tadbirlar aholi, ayniqsa, talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini yanada kuchaytirishga, ularda vatanparvarlik, shukronalik hissini yuksaltirishga va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchi va umidini yanada orttirishga hamda yoshlarni turli salbiy oqim va yot g‘oyalar, zararli illatlar ta’siridan asrash va himoyalashga xizmat qiladi.

photo_2017-12-24_18-57-35 photo_2017-12-24_18-57-47

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: