• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Shoislom Shomuhamedov xotirasi yod etildi

08.05.2019, 22:07 Yangiliklar 2661

2019-yilning 25-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida buyuk sharqshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, II-jahon urishi faxriysi Shoislom Shomuhamedov xotirasiga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o’qituvchilari hamda talabalari ishtirok etishdi.

Tadbirda TDSHI rektori f.f.d., prof., А.M.Mannonov, f.f.d.,prof M.Imomnazarov, fil.f.n. T.Xodjaeva va Shoislom Shomuhamedovning farzandlari soʼzga chiqib, oʼzbek sharqshunosligi rivojiga oʼzining katta hissasini qoʼshgan, sharqshunos kadrlar yetishtirishni oʼzining eng muhim vazifasi deb bilgan taniqli sharqshunos olim, xalqaro Firdavsiy mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori, professor Shoislom Shomuhamedov haqida oʼz xotiralarini soʼzladilar. Ayniqsa, olimning hayot yo’li, ilmiy ijodi, shaxsiy fazilatlari, II-jahon urishidagi ishtiroki bilan bog’liq xotiralarini yodga olindi.

Tadbir davomida institut talabalari tomonidan Shoislom Shomuhamedovning ijodiga bag’ishlangan sahna chiqishlari taqdim etildi.

Quyida esa sharqshunos olim, ustoz Shoislom Shomuhamedovning tarjimai holini taqdim etamiz:

Shomuhamedov Shoislom Mahmudovich (1921.16.4, Toshkent – 2007) — sharqshunos-eronshunos olim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1978), filologiya fanlari doktori (1968), professor (1970). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—42). O‘rta Osiyo universiteti sharq fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda o‘qituvchi, dotsent (1958—60), sharq fakulteti dekani (1960—72), universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori (1972—85), Sharq fakulteti (1991 yildan Toshkent sharqshunoslik instituti) xorijiy sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi mudiri (1966—72), kafedra professori (1985 yildan)bo‘lib ishlagan.

Shoislom Shomuhamedov olim, shoir va tarjimon sifatida mumtoz va hozirgi zamon eron adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalari, fors-tojik adabiyoti klassiklari asarlaridan tarjimalar va uning o‘z qalamiga mansub she’rlar, hikoyalar to‘plamlaridan iborat 90 ga yaqin kitob yaratdi.

Shoislom Shomuhamedov tarjimon sifatida o‘nlab sharq shoirlari asarlarining o‘zbek xalqi ma’naviy mulkiga aylanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, Firdavsiy «Shohnoma»sining 3 jildli yangi tarjimasi va nashri (1975—79) bevosita Shoislom Shomuhamedovning rahbarligi va ishtirokida amalga oshirildi. U hind, arab, rus, ozarbayjon, tojik, turkman shoirlari asarlaridan ham ko‘plab namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan

Shoislom Shomuhamedov shoir va yozuvchi sifatida bolalar hamda kattalarga atalgan, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’rifiy g‘oyalarni targ‘ib etuvchi o‘nga yaqin she’riy va nasriy asarlarini nashr ettirgan. Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot laureati (1973), «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).

 

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: