• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“O‘ZBEKISTON TARJIMASHUNOSLARI FORUMI – 2017”

28.11.2017, 09:25 Yangiliklar 4250

2017-yil 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-fevraldagi 126-F-sonli Farmoyishi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017-yil 17-fevraldagi 86-sonli buyrug‘iga binoan Tosh­kent davlat sharqshunos­lik insti­tu­tida tarjima­shunos­lik­ning dolzarb ma­sa­la­la­ri muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston tarjimashunoslari Forumi – 2017” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman yalpi majlisi soat 10.00da barcha ma’ruzachilar va taklif etilgan mehmonlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida ochildi. Yalpi majlisdan keyin anjuman doirasida sho‘’balar ish olib bordi. Sho‘’balarda jami 40 ga yaqin ma’ruza tinglanib, muhokama qilindi.

Forumning yalpi majlisi TDSHI rektori, f.f.d., professor A. Mannonovning  kirish so‘zi bilan ochildi. Respublikamiz va undan tashqarida tanilgan o‘ndan ortiq fan dok­to­ri, professorlarning ushbu Forumga ishtirok etish uchun ma’ruza mav­zulari va maqolalarini tashkiliy qo‘mitaga yuborganliklari anju­mani­mizning qanday nufuzga ega ekanligi va saviyasini ko‘rsatmoq­da.

Anjumanda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  • Tarjimashunoslik tarixi va uni o‘rganish masalalari;
  • XX asr ikkinchi yarmi tarjimachiligining rivojlanish tamoyillari;
  • Zamonaviy tarjimashunoslik fanini o‘qitish istiqbollari;
  • Tarjima stilistikasi va tanqidi hamda tahrir masalalari;
  • Badiiy tarjimaning lingvomadaniy aspektlari;
  • Zamonaviy nasr va she’riy tarjima muammolari;
  • Muallif uslubini qayta yaratish muammolari;
  • Madaniyatlararo muloqot va tarjima muammolari;
  • Xorijiy adabiyotni asliyatda o‘qish va tarjima qilish, tarjima adabiyotini targ‘ib qilish;
  • Kitobxonlik madaniyati va badiiy tarjima mahorati;
  • O‘zbek adabiyoti namunalarini sharq xalqlari tillariga va sharq adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishning dolzarb masalalari;
  • Sinxron tarjima sohasini rivojlantirishning dozarbligi;
  • XXI asrda ilmiy-texnikaviy tarjima taraqqiyoti;
  • Publisistik matnlar tarjimasi muammolari.

Anjuman oldiga qo‘yilgan badiiy tar­ji­ma va tarjimashunoslik masalalari bilan shug‘ullanadigan respubli­ka­dagi oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlikni yana­da kuchayti­rish, sohaning dolzarb muammolari ustida ish olib borayotgan yosh olim­larning iqtidorini yetuk tarjimonlar va tarjimashunos olim­lar nazaridan o‘tkazish, yoshlarning ilmiy anjumanlarda o‘zlarini na­moyon etishlariga imkon yaratish, res­publika miqyosida tarjima muta­xassislari bilan tajriba alma­shishni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek va sharq xalqlari adabiyotini o‘zaro yaqinlashtirish, tanishtirish ja­rayon­lari­ni jadallashtirish, ada­biyot namunalarini o‘zbek va sharq til­lariga tarjima masala­larini kunning dolzarb muammolaridan biri sifa­tida muho­kama etish kabi maqsadlarga to‘la erishilgani anjuman nihoyasida e’tirof etildi.

“O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi – 2017” anjumani materiallari to‘plamiga kiritilgan ilmiy ma­qolalar to‘plamining anjuman arafasida nashrdan chiqarilib, ishtirokchilarga tarqatilgani respublika anjumaniga nechog‘li tayyorgarlik ko‘rilganidan dalolat berayotgani yalpi majlisida qayd etildi.

photo_2017-11-30_09-17-52

photo_2017-11-30_09-17-47

photo_2017-11-30_09-17-36

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: