Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xotira va Mustaqillik darslari
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti tomonidan “Xotira va Mustaqillik darslari” yuqori saviyada o‘tkazildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti tomonidan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida “Xotira va Mustaqillik darslari” yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur darslarga O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Fayziyev hamda el suygan san’atkorlar – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hamid Toshpo‘latov hamda Feruza Boboyorova, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbirni filologiya fanlari nomzodi, dotsent J.Shabanov ochib berdi. Shundan so‘ng so‘z navbati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilorom Fayziyevga berildi. U o‘z so‘zida “Mustaqil taraqqiyot yillarida hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yuqori o‘sish sur’atlari bilan bugun har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, eng muhimi, Vatan taraqqiyoti, mamlakatdagi o‘zgarish va yangilanishlar samarasi yurtdoshlarimizning turmush farovonligi, xonadonlardagi qut-baraka, tinchlik-osoyishtalik timsolida o‘zining yorqin ifodasini topayotir. Sababi, mustaqillik hayotimizni, ongu tafakkurimizni tubdan o‘zgartirib yubordi” – deya ta’kidlab o‘tdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida mustaqillik me’mori, o‘z xalqi ozodligi, tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida umrini bag‘ishlagan, jasur va fidoiy inson O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi yodga olindi. U kishi bizga meros qoldirgan ozod va obod Vatan, hur O‘zbekistonni istiqlolga erishishi va rivojlanishi yo‘lida qilgan fidokorona mehnati va ko‘rsatgan azmu-shijoati xotirlanarkan, u kishining hayot yo‘li bizga tom ma’noda vatanparvar, chinakkam fidoiy, el-yurt taraqqiyoti yo‘lida bor kuch-g‘ayratini, ilmu-salohiyatini ayamaydigan inson bo‘lib kamol topishimizda o‘rnak ekanligi bildirildi.
Tadbir qatnashchilari Hamid Toshpo‘latov va Feruza Boboyorovalar so‘zga chiqib mustaqillik xalqimizning asriy orzularini ro‘yobga chiqargani, har kimga o‘z iste’dod va salohiyatini namoyish etish imkoniyatini bergani, navqiron avlod buning qadriga yetishi, istiqlolimiz, bugungi tinch va osuda, ozod va farovon hayotimizni asrab-avaylashi, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyi va buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishi kerakligini ta’kidladilar.
Tadbirda institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi O.Salaev so‘zga chiqib, mutloqo yangi tashkilot – yoshlar ittifoqining faoliyati, uning imkoniyatlari, sardorlik va yetakchilik saylovlarining o‘tkazilish tartibi bilan mazkur yilda talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan yoshlar va institut talabalarini hamda institut mehmonlarini yaqindan tanishtirdi. Talabalarni yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lishga va uning faoliyatiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga chaqirdi.
Darhaqiqat, eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning 26 yillik bayrami ham ona – Vatanimizda hukm surayotgan osoyishtalik, turli millat va elatlar o‘rtasidagi bahamjihatlik, do‘stlik, mehr-oqibat hamda totuvlik bilan bevosita bog‘liqdir. Zero, tinch va obod yurtga shodiyonalar yarashadi.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: