• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Bayramingiz bilan, aziz ustozlar!

30.09.2018, 23:50 Yangiliklar 3565

“1-oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan 2018-yilning 29-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida katta bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Bayramona dastur institut Yoshlar Ittifoqi faollari, institutning Ma’naviyat bo’limi hamda iqtidorli talabalar tomonidan tashkillashtirilgan bo’lib, tadbir ustozlarni madh etuvchi go’zal kuy va qo’shiqlar, bayramona chiqishlarga boy bo’ldi.

Tadbirni institut rektori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Mannonov Abdurahim Mutalovich ochib berdi. Rektor institutimizda talaba yoshlarga ta’lim berib, ularning har tomonlama yetuk va bilimli bo’lib shakllanishida o’zining beminnat xissasini qo’shayotgan barcha professor-o’qituvchilarni bayram bilan tabrikladi. Ertangi kunimiz egalari bo’lgan yoshlarni voyaga yetkazishdek mas’uliyatli ishda ularga kuch-g’ayrat, ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlardan tashrif buyurib, institutimiz talabalariga dars berayotgan chet ellik o’qituvchilarga ham alohida minnatdorchilik bildirilgan holda, ularga tashakkurnoma va esdalik sovg’alari taqdim etildi.

So’ngra so’z O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi bo’lim boshlig’i, shoira Farog’at Xudoyqulovaga berildi. Aziz mehmon go’zal she’rlar ila institutimiz uztozlarini ushbu bayram bilan muborakbod etdi.

Tadbir davomida “Egilgan novdaga tirgaksan ustoz” videoroligi, bayramona raqslar, ustozlarni mahd aylovchi go’zal she’rlar  va jonli ijrodagi qo’shiqlar tadqim etildi.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Izzat Ibragimov, Nihol mukofoti sovrindorlari Dilfuza Qobilova, Firdavs, taniqli xonandalardan Mashxurbek va “The Cover up” loyihasining 3-mavsumi yarim finalchisi G’aybulla Tursunovning tashrifi bayramga o’zgacha ko’rk bag’ishladi.

Institutimizda bayram tadbirlari davom etadi! 2-oktabr kuni “1-oktabr – o’qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan “Bayram dasturxoni” yozilsa, 3-oktabr kuni O’zbek Milliy akademik drama teatrida “1-kursga bag’ishlov” tadbiri bo’lib o’tadi.

Bayramingi bilan tabriklaymiz aziz ustozlar!

USTOZ — OTANGDAY ULUG‘

Ustoz — otangday ulug‘, ustoz qadami qutlug‘,

Ustozning har kalomi ilmu hikmatga to‘lug‘,

Ustozning dili ravshan, ustoz makoni yorug‘,

Unib chiqar, albatta, ustoz tashlagan urug‘,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.

Temur bosh qo‘ydi mangu ustozining poyiga,

Ustoz o‘xshar olamning Quyoshiga, Oyiga,

Bilim nuri yog‘ilar qadam qo‘ygan joyiga,

Yo‘llar adolat, vafo, muhabbat saroyiga,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.

Ota-ona farzandni keltiradi  dunyoga,

Ustoz esa cho‘mdirar ilmu hikmat, ziyoga,

Yerdagi bolalarni ko‘taradi samoga,

Ota-ona fanosin aylantirar baqoga,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.

Deydilar, ustoz jabri — ota mehridan afzal,

Shogirdlarning iqboli — ustoz jabriga badal,

Navoiy demish, kasbni egallagil mukammal,

Saodatning kaliti, bilgilki, ilmu amal,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.

Ustoz ko‘rmaganlarning yo‘rg‘alashdir odati,

Ezgu bo‘lsin har kimning so‘zi, sa’yi, niyati,

Kam ye, kam de, kam uxla — ustozlar nasihati,

Nechog‘ buyukdur ustoz kalomining qudrati.

Najot gulin o‘stirar Avloniy gulbog‘ida,

Haq olinur, berilmas — Behbudiy sabog‘ida,

Oqilxonning siymosi «Alifbo» varog‘ida,

Ustozlar iydin yozay qasidam adog‘ida,

Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.

photo_2018-09-30_23-43-48
photo_2018-09-30_23-43-53
photo_2018-09-30_23-44-21
photo_2018-09-30_23-44-14
photo_2018-09-30_23-44-02
photo_2018-09-30_23-43-46

photo_2018-09-30_23-43-12

 

 

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: