• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Ogahiy hayoti va ijodi – yoshlar tarbiyasi uchun namuna” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkaziladi

10.11.2020, 09:47 Yangiliklar 1862

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
“Ogahiy hayoti va ijodi – yoshlar tarbiyasi uchun namuna”
mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani
AXBOROT XATI

Adabiyotga oshnolik, kitobxonlik ko‘nikmasini yoshlar ko‘ngliga joylash bugungi O‘zbekistonning yangi ma’rifiy yo‘li sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bu borada 2020-yil 20-may kuni Yurtboshimizning O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasining ziyorati chog‘ida millat adabiyoti tarixida munosib o‘rin tutgan adiblar asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish, bugunning raqamli texnologiyalar bilan qurollangan yoshlarning ongiga singdirish vazifasini oliy o‘quv yurtlariga topshirish g‘oyasini ilgari surganlari elimiz ziyolilarining ko‘nglidagi ish bo‘ldi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi oldiga mumtoz adabiyotimizning eng sermahsul va serqirra ijodkori, shoir, tarixchi, tarjimon, davlat arbobi, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Ogahiy hazratlarini hayot va ijod yo‘llarini o‘rganish, u zotning qo‘lyozma asarlarini tadqiq etish hamda o‘lmas g‘oyalarini targ‘ib etish vazifasi qo‘yildi. Millat tafakkuri rivojida favqulotda o‘rin tutgan hazrat Ogahiydek shaxsning o‘lmas g‘oyalarini xalqimizga, yoshlarga yetkazish nihoyatda mashaqqatli, shuning bilan birga ulug‘ savobli ish hisoblanadi.
Ana shu munosabat bilan 2020-yilning 17-dekabr – Ogahiy hazratlari tug‘ilgan kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Ogahiy hayoti va ijodi – yoshlar tarbiyasi uchun namuna” mavzuida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi. Ilmiy anjumanga mamlakatimizdagi Ogahiy ijodi bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borayotgan, mumtoz adabiyotimizning taniqli mutaxassislari taklif qilingan. Konferensiyada adib hayoti, faoliyati va merosiga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalari tinglanadi.

Ilmiy-amaliy anjumanda quyidagi masalalar muhokamaga tortiladi:

• Hazrat Ogahiy hayoti, faoliyati va merosi;
• Adib asarlari qo‘lyozmalarining manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqi;
• Ogahiy asarlari poetikasi, uning til va uslub xususiyatlari;
• Ogahiyning tarjimonlik faoliyati:
• Ogahiyning tarixnavislik faoliyati;
• Adib o‘z asarlarini yozishda oziqlangan adabiy an’analar;
• Ogahiy asarlari va uni global tarmoqqa joylashtirish va mumtoz merosni o‘rganuvchi mutaxassislarning yangi avlodini tarbiyalash masalalari;
• Adib merosi va o‘zbek milliy ma’naviyati hamda Ogahiy ijodini o‘rganishda mutaxassislar oldida turgan vazifalar.

Konferensiya materiallari to‘plam holida, shuningdek, eng sara maqolalar universitetning «Turkologiya. Turkology» xalqaro ilmiy jurnalida chop ettirish rejalashtirilgan. Maqolalardagi ilmiy faktlarning to‘g‘riligi uchun muallif mas’uldir. Anjuman talablariga to‘g‘ri kelmagan maqolalar to‘plamga kiritilmaydi.
Maqola matni tahrir qilingan holda A-4 o‘lchovda, yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, o‘ngdan 1.5 sm joy qoldirib rasmiylashtiriladi. Maqolaning sarlavhasidan keyin bir qator tashlab, keyingi qatordan muallifning familiyasi, ismi va otasining ismi yoziladi. Yangi qatordan esa maqola muallifi ishlaydigan tashkilot nomi, lavozimi va muallifning elektron manzili ko‘rsatiladi. So‘ngra 1 interval qoldirilib, yangi qatordan 1,5 intervalli qatorlarda o‘zbek, ingliz va rus tillarida maqolaning qisqa annotasiyasi va tayanch tushunchalari keltiriladi. Shundan so‘ng 1,5 intervalli qatorlarda maqola matni 7-8 betgacha hajmda yoziladi. Adabiyotlar ro‘xati maqola so‘nggida beriladi. Maqolalar o‘zbek, ingliz va rus tillarida qabul qilinadi. Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida bo‘lishi lozim.
Konferensiyada qatnashish uchun maqolaning elektron ko‘rinishini 2020-yil 5-dekabrga qadar ogahiyanjuman@gmail.com elektron manziliga yuborish so‘raladi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti. Toshkent shahri, Shahrisabz ko‘chasi, 25-uy, 708-xona.
Telefonlar: (71) 233-82-02
(71) 233-24-58

Hurmat bilan,
Tashkiliy qo‘mita

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: