• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Bakalavr ta’lim yo’nalishlari

photo_2020-06-20_19-04-46

HURMATLI ABITURIENTLAR!

BO‘LAJAK KASBINGIZ BILAN TANISHING!

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida zamonaviy va mumtoz sharq tillari va adabiyoti, matnshunosligi va manbashunosligi, Sharq mamlakatlari va mintaqalari tarixi, falsafasi, madaniyati, siyosatshunosligi, xalqaro aloqalari, iqtisodiyoti, mamlakatshunosligi, turizmi, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati, xalqaro jurnalistika kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida

KAMIDA BIR SHARQ VA BIR G‘ARB TILI MUKAMMAL O‘RGATILADI

va bu sizning mehnat bozoridagi boshlang‘ich ustunligingizni ta’minlaydi.

O‘QITILADIGAN TILLAR:

Sharq tillari: arab, fors, dariy, pushtu, hindiy, urdu, turk, uyg‘ur, xitoy, yapon, koreys, indonez, malay, vetnam.

Roman-german tillari: ingliz, nemis, fransuz.

UNIVERSITET TA’LIM YO‘NALIShLARINING TAVSIFI VA BITIRUVCHILARINING QAYSI SOHALARDA ISHLASHI MUMKINLIGI:

FILOLOGIYa VA TILLARNI O‘QITISH

(SHARQ TILLARI)

Bu ta’lim yo‘nalishida Sharq mamlakati tili (fonetika, morfologiya, normativ grammatika, stilistika, tarjima amaliyoti), adabiyoti, tarixi, geografiyasi, etnografiyasi o‘rganiladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus hamda professional ta’lim muassasalarida o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish, badiiy, ilmiy asarlarni tarjima qilish, bibliografik materiallar tayyorlash, taqrizlar yozish, texnik va boshqa tarjima turlarini amalga oshirish, mehmonxonalarda va turistik firmalarda menejer va ma’muriy xodim sifatida ishlash, o‘rganilgan sharq va g‘arb tillarini intensiv shaklda o‘rgatish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

FILOLOGIYa VA TILLARNI O‘QITISH

(SHARQ MUMTOZ TILLARI)

Bu ta’lim yo‘nalishida mumtoz o‘zbek, arab va fors tillari, bu tillarda yaratilgan o‘tmish adabiy va madaniy meros birlamchi manbalar vositasida manbashunoslik va matnshunoslik nuqtai nazardan o‘rganiladi, sharq adabiyoti tarixi, tarixiy tilshunoslik, yozma adabiy tillar tarixi, qadimgi yozma yodgorliklar tili; matn tarjimasi va talqini; o‘rganilayotgan til va adabiyot metodikasi, dars berish mahorati, nutq madaniyati tamoyillaridan dars beriladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘z ixtisosligiga doir fanlar bilan bir qatorda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlash; davlat tashkilotlari va davlatga qarashli bo‘lmagan xususiy tashkilotlarda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan tarjimonlik qilish; qo‘lyozma fondlari, arxivlarda, axborot-resurs markazlarida, nashriyotlarda, ommaviy-axborot muassasalarida muharrir, musahhih bo‘lib ishlash; turli tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat, notijorat va jamoat tashkilotlari hamda boshqa muassasalarda faoliyat olib borish; mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari, joylardagi ma’naviyat va ma’rifat markazlari hamda maktabgacha tarbiya muassasalarida kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

MATNSHUNOSLIK VA ADABIY MANBASHUNOSLIK

Bu ta’lim yo‘nalishida matnshunoslik va adabiy manbashunoslikning nazariy va amaliy yo‘nalishlari; qo‘lyozmalarning paleografik belgilarini aniqlashning asosiy usullari va ularni baholash mezonlari; eng qadimgi yozuvlar, ularning turlari; kitobat san’ati; O‘zbekiston Respublikasi va chet ellardagi qo‘lyozmalar fondlari, ularda saqlanayotgan nodir manbalar; o‘rta asrlarda yaratilgan yozma manbalarning O‘zbekiston Respublikasi va chet ellardagi miqyosi o‘rganiladi.

Bitiruvchilar Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy-tekshirish institutlarida kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi mutaxassis sifatida ilmiy tadqiqot ishlari olib borish; umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida ixtisosliklari bilan bir qatorda sharq va g‘arb tillaridan dars berish; qo‘lyozma yodgorliklar arxeografiyasi, yordamchi ishlov va kataloglashtirish; qadimgi yozma yodgorliklar bilan ishlash, ularni tarjima qilish, bibliografik materiallar tayyorlash, taqrizlar yozish; texnik va boshqa tarjima turlarini amalga oshirish, o‘rganilgan tillarini intensiv shaklda o‘rgatish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

TARJIMA NAZARIYASI VA AMALIYOTI

(SHARQ TILLARI BO‘YICHA)

Bu ta’lim yo‘nalishida o‘rganilayotgan sharq tilining nazariy va amaliy asoslari va lug‘at boyligi, mazkur tilda badiiy va ilmiy adabiyotlarni tarjima qilish, o‘rganilayotgan tildagi tarjimalar va ularning rivojlanishi, sinxron tarjima va madaniyatlararo muloqot jarayonlari bilan bog‘liq kompleks masalalar, tarjimashunoslik, lingvistika, qiyosiy tilshunoslikka oid tadqiqotlar o‘tkazish, tarjimonlik sohalariga doir uslublari o‘rganiladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ixtisosligiga doir fanlar bilan bir qatorda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish; ommaviy axborot vositalarida tarjimonlik va muharrirlik qilish, davlat boshqaruvi organlari, xalqaro tashkilotlar, turizm bilan bog‘liq davlat va nodavlat muassasalarida tarjimonlik qilish; mehmonxonalarda va turistik firmalarda menejerlik va ma’muriy xodim sifatida ishlash, o‘rganilgan tillarini intensiv shaklda o‘rgatish kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

TARIX (SHARQ MAMLAKATLARI VA YO‘NALISHLARI BO‘YICHA)

Bu ta’lim yo‘nalishida umumiy tarix, o‘rganilayotgan Sharq mamlakati tili va lug‘at boyligi; mintaqa (mamlakat) tarixi, tarixiy manbashunosligi va tarixshunosligi, tarixiy tadqiqot metodlari, diniy munosabatlar tarixi, madaniyat va ma’naviyat sohalari, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, etnik jarayonlari tarixi, diniy-falsafiy va mafkuraviy dunyoqarash tizimlari, moddiy va ma’naviy madaniyat tarixi bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ixtisosligiga doir fanlar bilan bir qatorda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot muassasalari va tashkilotlarida hamda oliy ta’lim tizimida kichik ilmiy va ilmiy-texnik xodim bo‘lib ishlash; arxivlar, muzeylar, qo‘lyozma fondlari, axborot-resurs markazlari, nashriyotlar, ommaviy-axborot muassasalar, turli tadbirkorlik sub’ektlari va boshqalarda ilmiy-texnik xodim, muharrir, bibliograf, tarjimonlik qilish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

TARIX (MARKAZIY OSIYO MAMLAKATLARI BO‘YICHA)

Bu ta’lim yo‘nalishida ixtisosligiga doir fanlar bilan bir qatorda sharq va g‘arb tillarini o‘qitish; ilmiy, tarixiy va ma’naviy masalalar, Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bilan bog‘liq akademik, ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-ishlab chiqarish muassasalari va tashkilotlari; davlat boshqaruvi organlari; O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar, davlat va xususiy arxivlar; qo‘lyozma fondlari; nodavlat va notijorat tashkilotlari; xususiyligi istalgan shaklda bo‘lgan ishlab chiqarish birlashmalari; tarixiy, madaniy, ma’naviy merosni o‘rganish markazlarida ixtisosligi bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tizimi muassasalarida ixtisosligiga doir fanlar bilan bir qatorda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot muassasalari va tashkilotlarida hamda oliy ta’lim tizimida kichik ilmiy va ilmiy-texnik xodim bo‘lib ishlash; arxivlar, muzeylar, qo‘lyozma fondlari, axborot-resurs markazlari, nashriyotlar, ommaviy-axborot muassasalar, turli tadbirkorlik sub’ektlari va boshqalarda ilmiy-texnik xodim, muharrir, bibliograf, tarjimonlik qilish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

SIYOSATSHUNOSLIK

Bu ta’lim yo‘nalishida jahon siyosatida kechayotgan zamonaviy jarayonlar; diplomatik aloqalar va munosabatlar; tashqi siyosiy va diplomatik faoliyat; O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning xalqaro munosabatlari, tashqi siyosati; xalqaro munosabatlarning asosiy aktorlari: davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ittifoqlar va uyushmalar faoliyati bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida, xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida; vazirliklar, davlat qo‘mitalari, hokimliklar va boshqa davlat idoralari, muassasalarining xalqaro bo‘limlarida mutaxassis; ilmiy-tadqiqot muassasalarida kichik ilmiy xodim; umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida mutaxassislikka oid fanlardan hamda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish; arxivlarda, axborot-resurs markazlarida, nashriyotlarda, ommaviy-axborot muassasalari, turli tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari hamda boshqa muassasalarda ilmiy-texnik xodim, bibliograf, tarjimonlik qilish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

FALSAFA (SHARQ FALSAFASI VA MADANIYATI)

Bu ta’lim yo‘nalishida sharq xalqlari falsafasi va madaniyati tarixi, sharq mamlakatlarida falsafiy fikr taraqqiyotining asosiy bosqichlari, ma’naviy meros va qadriyatlar; tabiat, jamiyat va tafakkur rivojining umumiy qonunlari; milliy ma’naviyat asoslari va sharq madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari, jahon sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni, o‘rganilayotgan sharq va ingliz tillarida falsafiy va badiiy adabiyotlarni o‘qish va talqin qilish; dars berish mahorati, nutq madaniyati bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar maktabgacha, umumiy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish; O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari, arxiv va muzeylarida, davlat va mahalliy boshqaruv organlari, ma’naviyat va ma’rifat, milliy g‘oyani targ‘ib etish markazlari va bo‘limlari, turizm, madaniy aloqalarni rivojlantirish, tashkiliy-boshqaruv, tarjimonlik sohasida ilmiy-texnik xodim, muharrir, bibliograf, tarjimonlik qilish, xalqaro faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan davlat va nodavlat tizimlarida ishlash kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

XORIJIY MAMLAKATLAR IQTISODIYOTI VA MAMLAKATSHUNOSLIK

(MAMLAKATLAR VA MINTAQALAR BO‘YICHA)

Bu ta’lim yo‘nalishida Sharq mintaqasi mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holati, mavjud muammolari va istiqbollari, mintaqa mamlakatlarining tashqi iqtisodiy aloqalari, jahon xo‘jaligi tizimiga integratsiyalashuvi yo‘nalishlari, mintaqa mamlakatlarining tarixi, madaniyati, tili, ijtimoiy-siyosiy tizimi hamda ta’lim sohasiga mos o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimidagi o‘quv-tarbiya jarayonlari bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, hokimliklar va boshqa davlat idoralari, muassasalarining iqtisodiy boshqarma va bo‘limlarida; xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro iqtisodiy tashkilotlardagi vakolatxonalari va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonalarida referent; iqtisodiyot va biznes yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida kichik ilmiy xodim; umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida mutaxassislikka oid fanlardan hamda o‘rganilgan sharq va g‘arb tillaridan dars berish; turli mulkchilik shaklidagi korxonalarda tarjimon va ekspert-maslahatchi sifatida ishlash kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

JURNALISTIKA: XALQARO JURNALISTIKA

(SHARQ TILLARI BILAN)

Bu ta’lim yo‘nalishida ommaviy axborot vositalari, davlat boshqaruvi organlari, davlat va nodavlat organlari axborot xizmatlari, PR (jamoatchilik bilan aloqalar) va reklama agentliklari, internet tarmog‘i, jamiyatni tezkor axborot almashinuv usullari va ishonchli axborot bilan ta’minlash kabi kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar matbuot nashrlari va jurnalistik materiallar; radio eshittirish va teleko‘rsatuvlar; axboriy, tahliliy va badiiy-publisistik janrlar; axborot agentliklari orqali tarqatiladigan yangiliklar; reklama agentligi maxsulotlari, ichki va tashqi reklama; internet jurnalistikasi materiallari, saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, gipermatnlar; davlat boshqaruvi organlari, vazirliklar, korxona va idoralar matbuot markazlarining axborot materiallari, press-relizlar; jamoatchilik bilan aloqalar (PR) xizmatlari axborot materiallari; nashriyot-matbaa konsern va bosmaxonalarda chop etiladigan bosma mahsulotlar tayyorlash kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

GID HAMROHLIGI VA TARJIMONLIK FAOLIYATI

(SHARQ TILLARI)

Bu ta’lim yo‘nalishida gid hamrohlik ishi, og‘zaki izchil tarjima va sinxron tarjima masalalari, tarjimashunoslik, lingvistikaga oid tadqiqotlar o‘tkazish, gid hamrohlik istiqbolini belgilash, kasbiy ko‘nikma, mutasaddilik qobiliyatiga yo‘naltirilgan ilmiy va tarjimonlik sohalariga doir usullar, uslublarni ishlab chiqish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha bo‘lish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun tarjima bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, xalqaro tashkilotlar, turli davlat va nodavlat muassasalarida tarjima tizimini tashkillashtirish bilan bog‘liq kompleks masalalar o‘rganiladi.

Bitiruvchilar tarjima turlari, ikki tomonlama og‘zaki va yozma tarjima, sinxron tarjima, madaniyatlararo muloqot, gid hamrohligi va tarjimashunoslik muammolarini tahlil qila bilish; tarjima sohasida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasion texnologiyalarini qo‘llash; mamlakatning tarixi, madaniyati, etnografiyasi, iqtisodiyoti, turistik yo‘nalishni rejalashtirish va ekskursiyada hamrohlik qilish, xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda amaliy harakat qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ixtisoslikka oid professional ta’lim muassasalarida gid hamrohlik ishi bo‘yicha dars bera olish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

TURIZM (FAOLIYAT YO‘NALISHLARI BO‘YICHA)

(SHARQ TILLARI BILAN)

Bu ta’lim yo‘nalishida turistik mahsulot, turistik xizmatlarni taqdim etishning texnologik jarayonlari, intellektual faoliyat natijalari, mulkchilik yoki boshqa qonuniy asoslarda turizm sohasi sub’ektlariga tegishli bo‘lgan nomoddiy aktivlar, turar-joy binolari, umumiy ovqatlanish joylari, ekskursiya faoliyati ob’ektlari, transport vositalari, turizm sanoatining boshqa korxonalari va turizm mahsulotini ishlab chiqish va sotish kabi masalalar kompleks tarzda o‘rganiladi.

Bitiruvchilar yangi turistik mahsulotlar taqdimotlarini, biznes muzokaralarini, reklama kampaniyalarini tashkil etish va o‘tkazish; turistik dasturni rejalashtirish va tuzish; tur bahosini hisoblash; mehmonxonalarni bronlash va chiptalarni sotish; ekskursiya dasturlarini va boshqa qo‘shimcha xizmatlarni tuzish; yo‘riqnomalar bo‘yicha ma’lumot berish; turistik hujjatlarni rasmiylashtirish; viza xizmatlari bilan shug‘ullanish; marketing ishlarini olib borish; sayyohlik agentliklari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish; turistik paketlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish; agentlik va boshqa shartnomalarni tuzish; ma’muriy funksiyalarni bajarish; turistik sayohatlarni rejalashtirish dasturlarini ishlab chiqish; turoperator bo‘linmalarining kadrlar va moddiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojlariin aniqlash; turistik mahsulotlar va ma’lumotlar agentliklari ma’lumotlar bazasini yaratish kabi kasbiy faoliyat turlarini amalga oshirishlari mumkin.

MAZKUR TA’LIM YO‘NALIShLARINI BITIRGAN TALABALAR UNIVERSITETDA QUYIDAGI IXTISOSLIKLAR BO‘YIChA MAGISTRATURADA O‘QIShNI DAVOM ETTIRIShLARI VA YuQORIDA QAYD ETILGAN KASBIY BILIM, KO‘NIKMA VA MALAKALARINI MUSTAHKAMLAB, KEYINGI FAOLIYATLARINI ILMIY TADQIQOT OLIB BORISH VA OLIY TA’LIM TIZIMIDA DARS BERISHGA YO‘NALTIRISHLARI MUMKIN:

5A120101 – Adabiyotshunoslik (sharq tillari)

5A120102 – Lingvistika (sharq tillari)

5A120103 – Mumtoz filologiya (turlari bo‘yicha)

5A120201- Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (sharq tillari)

5A120202 – Sinxron tarjima (sharq tillari)

5A120302 – Tarix (yo‘nalishlar va faoliyat turlari bo‘yicha)

5A120304 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (mamlakatlar bo‘yicha)

5A120502 – Sharq falsafasi va madaniyati

5A120701 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (tillar bo‘yicha)

5A121102 – Xalqaro munosabatlar va jahon siyosati

5A121401 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya

5A231001-Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha)

5A231102 – Tashqi iqtisodiy faoliyat (tarmoqlar va faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)

5A610301 – Turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)

14.07.2020, 22:09 9235

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: