TDSHIda “Rossiya sharqshunosligida o’zbek mumtoz adabiyoti” mavzuida seminar va kitob taqdimoti bo’lib o’tdi
O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi do’stlik va strategik sherikchilik munosabatlari tez sur’atlar bilan rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohasidagi aloqalarimiz yanada taraqqiy etayotganligini e’tirof etish joiz. O’zbekiston va Rossiya Oliy ta’lim muassasalari o’rtasidagi sherikchilik munosabatlarini faollashgani buning yorqin misolidir.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Rossiya Federatsiyasining yetakchi sharqshunoslik markazlari – MDU qoshidagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Qozon federal universiteti singari oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Shuningdek, institutda Sankt-Peterburg va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanayotgan Xorazm adabiy manbalarini o’rganishga bag’ishlangan ilmiy loyiha ham olib borilmoqda. Ilmiy loyiha granti asosida “XX asr Rossiya sharqshunosligi va o’zbek mumtoz adabiyoti” kitobi yuzaga keldi.
2018-yilning 17-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Rossiya sharqshunosligida o’zbek mumtoz adabiyoti” mavzuida seminar va kitob taqdimoti bo’lib o’tdi. Seminarda sharqshunos olimlar, doktorantlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi. Seminarda filologiya fanlari doktori G.Xallieva “Rossiya sharqshunosligida o’zbek mumtoz adabiyoti” mavzusida, filologiya fanlari doktori U.Muhibova esa “Rossiya sharqshunosligida boburiylar davri adabiyotining o’rganilishi” mavzusida ma’ruza o’qidilar hamda “XX asr Rossiya sharqshunosligi va o’zbek mumtoz adabiyoti” kitobi taqdimoti bo’lib o’tdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: