• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Yil talabasi” respublika tanlovida ishtirok et

04.10.2018, 00:19 E'lonlar 2696

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashining 2018 yil 22 yanvarda tasdiqlangan 1-son bayoni topshirig‘idan kelib chiqqan holda 2018 yildan boshlab har yili oliy ta‘lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Yil talabasi” respublika tanlovi (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazib boriladi.

“Yil talabasi” tanlovi Nizomi

Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi tomonidan respublika oliy ta‘lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Yil talabasi” nomli tanlov o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Oliy ta‘lim muassasalarining “Yil talabasi” tanlovi to‘g‘risida Nizom
Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy ta‘lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida “Yil talabasi” tanlovini (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb ataladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomning amal qilishi xorijiy oliy ta‘lim muassasalarining filiallariga, shuningdek harbiy oliy ta‘lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Tanlovning maqsadi jamiyatga va davlatimizga yetuk yosh va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va intelektual salohiyatini oshirish, oliy o‘quv yurtlarining iqtidorli talabalarini aniqlash hamda ularga o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishga imkoniyatlar yaratish, talabalarda jamoatchilik qobiliyati va fidoyilik fazilatlarini shakllantirish, talabalik nufuzini oshirish va rag‘batlantirishdan iborat.
3. “Yil talabasi” tanlovi bosqichma-bosqich, ushbu Nizomning
1-ilovasiga muvofiq sxema asosida o‘tkaziladi va quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:
a) Tanlovning oliy ta‘lim muassasasi bosqichi (u har bir oliy ta‘lim muassasasida o‘tkaziladi);
b) Tanlovning respublika bosqichi.
4. Quyidagilar Tanlov o‘tkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) birinchi –oliy ta‘lim muassasasi bosqichidarektor (direktor) boshchiligida tegishli mutaxassislardan tashkil topgan Tanlov komissiyasi tashkil etilib, ular tomonidan:
har bir oliy ta‘lim muassasasida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganish asosida Tanlovga tavsiya etilgan talabalarning taqdimotini tashkil etish;
Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan fanlarni o‘zlashtirish natijalari, jamoatchilik ishlari va erishilgan yutuqlar aks etgan hujjatlarni, talabalarning ilmiy va ijodiy ishlarini qabul qilish va o‘rganish asnosida tahlil etish;
Tanlov ishtirokchilarining darslardagi ishtiroki, faollik darajasi, yetakchilik qobiliyatini kuzatish va baholash;
g‘oliblarni aniqlash va ularga tanlovning respublika bosqichida qatnashishi uchun tavsiyanomalar berish;
b) ikkinchi, respublika bosqichidaTashkiliy qo‘mita va Tanlov komissiyasi tomonidan:
oliy ta‘lim muassasalari tomonidan taqdim etilgan tavsiya hujjatlarini va Tanlov ishtirokchilarining taqdimot materiallarini qabul qilish, o‘rganish va tahlil etishasosida respublika bosqichi ishtirokchilarini aniqlash;
saralab olingan Tanlov ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan materiallar taqdimotini tashkil etish va o‘tkazish;
yo‘nalishlar bo‘yicha Tanlov ishtirokchilarini baholash va g‘oliblarini aniqlash;
Tanlov g‘oliblarining moddiy va ma‘naviy rag‘batlantirilishini tashkil qilish;
Tanlov o‘tishi va natijalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.
5. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
a) “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”, bunda talabaning oliy o‘quv yurtiga kirgandan boshlab fanlarni o‘zlashtirish va o‘quv jarayonlardagi ishtiroki va faolligi, chop etilgan maqola va tezislari hamda ularning mazmun-mohiyati, dolzarbligiga oid ishlar ko‘rib chiqiladi;
b) “Yilning eng tashabbuskor talabasi”, bunda talabaning oliy ta‘lim muassasasi, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlaridagi jamoatchilik ishtiroki, faollik darajasi, namunaviy ishlari, tashkilotchilik qobiliyati va shu asosda o‘zi tashkil etgan tadbirlar mazmuni, erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi;
v) “Yilning ixtirochi talabasi”, bunda talaba tomonidan yaratilgan ilmiy ishlar, ixtirolar, innovatsion g‘oyalari, ratsionalizatorlik takliflari, ularning yangiligi, dolzarbligi va ilmiy ahamiyati ko‘rib chiqiladi;
g) “Yilning sportchi talabasi”, bunda talabaning sport sohasidagi yutuqlari va erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi;
d) “Yilning ijodkor talabasi”, bunda talabaning san‘at, adabiyot, madaniyat va boshqa sohadagi ijodiy ishlari va erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Tanlovning yakuniy bosqichida Tashkiliy qo‘mita tomonidan maxsus nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanishi mumkin.

II. Tanlovning oliy ta‘lim muassasasidagi bosqichini
tashkil etish tartibi

6. Tanlovning oliy ta‘lim muassasasidagi bosqichi har yili 1-30 mart mobaynida o‘tkaziladi.
7. Tanlovning oliy ta‘lim muassasasi bosqichi o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi yig‘ilish bayonnomasi rektor tomonidan shakllantirilgan Tanlov komissiyasi a‘zolari imzosi bilan tasdiqlanadi va g‘olib to‘g‘risidagi ma‘lumotlar yig‘majildi 1 apreldan boshlab 10 ish kuni mobaynida Respublika tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etiladi.
8. Tanlov komissiyasi oliy ta‘lim muassasasining ma‘muriy-boshqaruv xodimlari, mutaxassis-o‘qituvchilar, tashqaridan jalb etilgan tegishli mutaxassislar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
9. Tanlov komissiyasi quyidagi funktsiyalarni bajaradi:
tanlovning oliy ta‘lim muassasasidagi bosqichi axborot ta‘minotini tashkil qiladi;
tanlov ishtirokchilaridan buyurtmanomalar va materiallarni qabul qilishni tashkil etadi;
mazkur Nizomning 22-bandiga muvofiq Tanlov ishtirokchisi taqdim etgan hujjatlarni hamda darslarda va jamoat ishlaridagi ishtiroki sifatini baholaydi;
Mazkur oliy ta‘lim muassasasida uzilishlarsiz (akadem ta‘tilsiz) o‘qib kelayotgan 2, 3 va 4-bosqich talabalari Tanlov ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
10. Tanlovning oliy ta‘lim muassasasi bosqichida ishtirok etish istagini bildirgan talabalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar to‘plami tegishli kafedra tomonidan saralanadi va 1 martdan boshlab 5 ish kuni mobaynida hujjatlar to‘plamini (22-bandi) qog‘ozda va elektron shaklda Tanlov komissiyasiga kafedra mudiri imzosi bilan tavsiya etiladi.
11. Ishtirokchiga tegishli bo‘lgan quyidagi hujjatlar to‘plami kafedra tomonidan tayyorlanadi va Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi:
– Tanlov ishtirokchisining qobiliyati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, yetakchilik qobiliyati, erishgan yutuqlari, darslardagi faol ishtiroki, talabalarga o‘rnak bo‘ladigan tomonlari va jamoat ishlaridagi faoliyati haqidagi ma‘lumotlar bayon etilgan ikki betdan oshmaydigan hajmdagi taqdimnoma;
– Tanlov ishtirokchisining fanlarni o‘zlashtirish natijalari aks etgan hujjatlar nusxalari (baholarni qayd etish varaqalari, talabaning baholarni o‘zlashtirish sinov daftarchasi);
– Tanlov ishtirokchisining nashr etilgan ilmiy, ilmiy-uslubiy, ijodiy ishlari, ularga tegishli mutaxassislardan olingan taqrizlar bilan birga;
– turli tadbirlar, tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanganligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar (nusxalari ilova qilinadi);
– grantlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ma‘lumot, unda grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, ishtirokning shakli va darajasi ko‘rsatiladi;
– konferentsiyalardagi ishtiroki haqidagi ma‘lumotlar, ularda maqomi va nomi, o‘tkazilgan joyi, shaxsan ishtirok etish darajasi (ma‘ruzachi, hamma‘ruzachi, tashkilotchi) ko‘rsatiladi;
Hujjatlar to‘plamiga kiritilgan materiallar va axborotlarda Tanlov ishtirokchisining oliy ta‘lim muassasasiga kirgandan so‘nggi faoliyatiga doir ma‘lumotlar bo‘lishi lozim.
12. Tanlov komissiyasi, hujjatlar to‘plamini va darslarda va jamoat ishlarida ishtirok sifatini baholash natijalarini hisobga olgan holda, mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq har yili 30 martgacha har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni (1, 2, 3-o‘rinlarni) aniqlaydi va birinchi o‘rin sovrindorlarini Tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etadi.
13. Ushbu Nizomning5-bandida ko‘rsatilgan nominatsiyalar bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar oliy ta‘lim muassasasining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi hamda tegishli ravishda, eng kam oylik ish haqining yetti barobari, olti barobari hamda besh barobari miqdoridagi pul mablag‘lari bilan moddiy rag‘batlantiriladi.
14. Moddiy rag‘batlantirish uchun pul mablag‘lari oliy ta‘lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida oliy ta‘lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

III.Tanlov tashkilotchilari va ta‘sischilari

15. Tanlovning respublika bosqichi har yili may-iyunь oylarida o‘tkaziladi.
Tanlovning respublika bosqichini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Tashkiliy qo‘mita tarkibiga tasarrufida oliy ta‘lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning, Yoshlar Ittifoqi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladi.
16. Quyidagilar Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Tanlovni o‘tkazish muddatlarini belgilash;
Tanlovni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish;
Har bir nominatsiya bo‘yicha alohida tanlov komissiyasi (ekspertlar guruhi) tarkibini shakllantirish;
Har bir nominatsiya bo‘yicha baholash mezonlarini ishlab chiqish;
Tanlov doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritib borish uchun ommaviy axborot vositalarini jalb etish.
17. Tashkiliy qo‘mita, qoidaga ko‘ra, rais, rais o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita kotibi va a‘zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Tashkiliy qo‘mita raisi, raisning o‘rinbosari va kotibi uning a‘zolari orasidan saylanadi.
18. Tashkiliy qo‘mita raisi:
Tashkiliy qo‘mita majlisi kun tartibini belgilaydi va uni o‘tkazadi;
Tashkiliy qo‘mita qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Tashkiliy qo‘mita a‘zolariga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
19. Tashkiliy qo‘mita a‘zolari quyidagi huquqlarga ega:
Tashkiliy qo‘mita majlislarida ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashish;
ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha xulosalar taqdim etish.
Tashkiliy qo‘mita faoliyatida ishtirok etish jamoatchilik asosida amalga oshiriladi.
20. Tashkiliy qo‘mita majlisini rais, u bo‘lmaganda esa — rais o‘rinbosari boshqaradi.
Tashkiliy qo‘mita majlisi a‘zolarining uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatli hisoblanadi.
21. Tashkiliy qo‘mita kotibi:
Tashkiliy qo‘mita majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta‘minlaydi;
Tashkiliy qo‘mita raisi bilan majlisning o‘tkaziladigan joyi va vaqtini kelishadi;
Tashkiliy qo‘mita a‘zolarini majlisning o‘tkazilish sanasi, joyi va kun tartibidan xabardor qiladi;
Tashkiliy qo‘mita majlislarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘tkazilishini tashkil etadi;
Tashkiliy qo‘mita majlisi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangandan so‘ng Tashkiliy qo‘mita a‘zolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
22. Tashkiliy qo‘mita qarori a‘zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda Tashkiliy qo‘mita raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
23. Tashkiliy qo‘mitaning ish tartibi u tasdiqlaydigan Reglament asosida belgilanadi.
24. Quyidagilar Tanlovning ta‘sischilari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi;
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi.
25. Ta‘sischilar Tanlovning barcha bosqichlarini tashkillashtirish va o‘tkazish jarayonida Tashkiliy qo‘mita tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta‘minlashda bevosita hamkorlik qiladi va o‘z vakillarining Tashkiliy qo‘mita a‘zosi sifatida samarali ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

IV. Tanlovning respublika bosqichini o‘tkazish

26. Tanlov komissiyalarining har bir nominatsiya bo‘yicha tarkiblari Respublika Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
27. Tanlovning Respublika bosqichi ikki turda o‘tkaziladi:
birinchi turda – Tanlov komissiyalari taqdim etilgan ishtirokchilarning hujjatlarini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadihamda tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan mezonlar asosida ikkinchi tur ishtirokchilarini aniqlaydi.
ikkinchi turda – ishtirokchilar Tanlov komissiyasiga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha taqdimotlarini namoyish etadilar, mazkur jarayonda ularga o‘z ilmiy-ijodiy saloxiyati va qiziqishlarini namoyon etish imkoniyati beriladi (bunda Tanlov komissiyasi a‘zolari tomonidan ishtirokchiga qo‘shimcha savollar berilishi va ba‘zi masalalarga aniqliklar kiritilishi mumkin).
28. Ishtirokchilarning Taqdimotini o‘tkazish muddati 15-30 may mobaynida Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilangan kunda har bir nominatsiya bo‘yicha alohida o‘tkaziladi.
29. Tanlov komissiyalari tanlov ishlari taqdimotini baholashda Tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan, nominatsiya bo‘yicha mezonlarga amal qiladi. Tanlov komissiyalari majlislari bayonnomalari Tashkiliy qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
30. Zarur holatlarda, Tashkiliy qo‘mita hujjatlarni topshirish va Tanlov komissiyasining ish bosqichlari muddatini o‘zgartirish huquqiga ega.
31. Tanlovning respublika bosqichida har bir nominatsiyalar bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlari bo‘lgan ishtirokchilar Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligining tegishli darajadagi diplomlari bilan taqdirlanadilar va 1-o‘rin sohibiga oliy ta‘limning magistratura bosqichiga imtiyozli ravishda imtihonlarsiz o‘qishga kirish, 2-o‘rin sohibi bo‘lgan ishtirokchiga Magistraturaga kirish imtixonida to‘plagan balining 50% va 3-o‘rin sohibiga Magistraturaga kirish imtixonida to‘plagan balining 35% miqdorida imtiyozli ball qo‘shish tizimi joriy etiladi.
32. Tanlov g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish miqdori Tashkiliy qo‘mitaning qaroriga muvofiq belgilanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta‘lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
33. Tasarrufida oliy ta‘lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar o‘zlarining hisobidan tanlov g‘oliblarini qo‘shimcha ravishda pul mablag‘lari bilan moddiy rag‘batlantirishga haqlidir.
34. G‘oliblarni mukofotlash tadbiri iyunь oyining ikkinchi o‘n kunligida tantanali vaziyatda o‘tkaziladi.
35. Tanlovga taqdim etilgan hujjatlar qaytarilmaydi.
36. Mazkur nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: