• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

XORAZM – O‘ZBEK SHARQSHUNOSLIGINING MARKAZLARIDAN BIRIGA AYLANADI

27.08.2020, 10:19 Yangiliklar 1637

8-9-iyul kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati sharqshunoslik sohalari va Ogahiy hazratlarining hayoti va ijod yo‘lini o‘rganish bilan bog‘liq vazifalarni jiddiy yo‘lga qo‘yish maqsadida ish safari bilan ulug‘lar yurti  – Xorazmda bo‘lib qaytishdi.

Ish safarining birinchi kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Xiva Sharq tillari va xizmat ko‘rsatish texnikumidan boshlandi. Xabaringiz bor, ushbu texnikum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019-yil, 6-sentabr kuni imzolagan “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-5812-son Farmoni asosida oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikum sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universitet huzurida faoliyat yuritishi belgilangan edi. Mana shu farmonda belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha texnikum jamoasi bilan universitetimiz rahbariyatining birinchi yuzma-yuz muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muloqot jarayonida texnikum oldida turgan vazifalar, boshqaruv tuzilmasining o‘zgarishi, qabul kvotasi, yangi o‘quv rejalarini joriy etish, yangi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasiga yechim axtarildi. Bundan tashqari universitetimizning professor-o‘qituvchilari ilmiy va o‘quv, ma’rifiy salohiyatidan texnikumning ta’lim jarayonini tashkil etishda foydalanish masalasi ham muhokama qilindi.

Ushbu texnikum 6 gektarli maydonga joylashgan bo‘lib o‘quv va amaliy faoliyatni tashkil etish uchun barcha infrastrukturaga ega. Ayniqsa, texnikum hovlisida Xiva xonligining bosh vaziri Said Islomxo‘janing yozgi qarorgohi ham joylashgani bizning tarix yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarimiz uchun ham tayyor amaliyot maskani sifatida xizmat qilishi mumkin.

Safarning ikkinchi kuni Qiyot qishlog‘idagi hazrat Ogahiyning uymuzeyini ziyorat qilish va ushbu muassasa bilan hamkorlik qilish masalasini muhokama qilishdan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-may kuni “Adiblar xiyoboni”ga tashrifi chog‘ida adabiyot tarixida munosib o‘rin tutgan ijodkorlar asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarning ongiga singdirish vazifalari bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga Ogahiy hayoti va ijodini o‘rganish vazifa sifatida qo‘yilgan. Mana shu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha universitetning Yo‘l xaritasida bizning oliy o‘quv yurtimizda ham Ogahiy muzeyni tashkil etish va muzeyda adib hayoti va ijodiga tegishli materiallarni tayyorlash va eksponatlar bilan jihozlash belgilangan. Shu jihatdan  Ogahiy uy-muzeyidagi tashrif bu vazifalarni bajarish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi. Muzey rahbariyati bilan Ogahiy va adib davriga tegishli buyum va qo‘lyomalardan nusxa olishga kelishib olindi.

Ogahiy uy-muzeyining ziyorati chog‘ida Ogahiy uyi hovlisida adib o‘z qo‘llari bilan ekkan tut daraxati ham saqlanib qolgan ekan, ushbu noyob tabiat yodgorligiga ham ziyorat uyushtirildi.

Shundan so‘ng TDSHU rahbariyati Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabiga tashrif buyurdi. Universitetning Ogahiy ijodini o‘rganish va adib asarlari g‘oyalarini targ‘ib etish Yo‘l xaritasida Ogahiy nomidagi ijod maktabi bilan o‘quv va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ham belgilangan. Ana shu masala ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Xiva shahar Ogahiy nomidagi ijod maktabi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva va Ogahiy nomidagi ijod maktabi direktori Sarvar Abdullayev imzo chekdilar.

Shartnomada universitet professor-o‘qituvchilarining ijod maktabi o‘quvchilari uchun ma’ruzalarini uyushtirish, mahorat darslarini o‘tish, o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish, maktabda tashkil etilgan kichik akademiya faoliyatida ishtirok etish, maktab o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, ko‘rik-tanlovlarda ishtirokini ta’minlashga ko‘mak berish, ilmiy izlanishlar asosida maqolalar, risolalar tayyorlash, Ogahiy hayot va ijod yo‘li, faoliyati, asarlariga bag‘ishlangan jamoaviy ilmiy to‘plamlar chiqarish, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan maktab yosh ijodkorlari ijod namunalari, nashr etiladigan kitoblariga taqrizlar, so‘zboshilar, maqolalar yozishda hamkorlik qilish, ijod maktabining o‘quv-tarbiyaviy jarayonida sharq tillarini o‘rgatish yuzasidan ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish, universitet tomonidan an’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladigan Ogahiy ijodi, adabiy merosi va ma’rifati masalalariga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga maktab o‘qituvchilari va mutaxassislarini jalb etish singari masalalar qamrab olingan.

Safar yakunida Xorazm viloyatidagi sharq tillariga ixtisoslashgan uchta maktab direktori bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Ushbu maktablarga o‘quv-uslubiy masalalar bo‘yicha ham yordam berishga kelishib olindi.

Umuman, Xorazm safari nihoyatda tig‘iz va samarali o‘tdi. Bugun Xorazm vohasida sharqshunoslik sohalarini rivojlantirish borasida boshlangan ishlar yaqin kelajakda vohaning o‘zbek sharqshunosligi markazlaridan biriga aylanishiga yordam berishiga, ishonamiz.

Qudratulla Omonov,

Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor,

filologiya fanlari doktori, professor

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: