• UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi o‘tkaziladi

16.10.2018, 23:24 Yangiliklar 2525

O‘zbekiston va Rossiyaning etakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan yurtimizda birinchi marotaba “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” o‘tkazilmoqda.

Xalqaro forum shu yilning 18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Forumda ikki davlat prezidentlari administratsiyalari, Hukumat rahbarlari, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va Rossiya Federatsiyasini Ta’lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.

Xalqaro forumning maqsadi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida zamonaviy yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Birinchi marta o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi”da O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishadi.

Mazkur nufuzli anjumanda Rossiyaning etakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar asosida talabalarni o‘qitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratiladi.

Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

 “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” yakunlari bo‘yicha:

  • O‘zbekistonda Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish;
  • akademik tayyorgarlik bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish;
  • birgalikda ilmiy va innovatsion forumlarni o‘tkazish;
  • ilmiy-tadqiqot bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish;
  • qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish;
  • oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida axborot almashinuvini o‘rnatish;
  • hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Manba: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: